- “Muruvvat” bolalar internat uyida vasiylikka olinganlarni tibbiy-ijtimoiy ta’minlash, tarbiyalash, o‘qitish, mehnat ko‘nikmalariga o‘rgatish to‘liq davlat ta’minoti asosida amalga oshiriladi.
Kunduzgi parvarishlash guruhiga qabul qilingan nogironligi bo‘lgan bolalar to‘liq davlat ta’minotida bo‘lmaydi, shu sababli ularga tayinlangan pensiya va nafaqalar to‘liq hajmda to‘lanadi.
- “Muruvvat” bolalar internat uyidagi vasiylikka olinganlar belgilangan tartibda quyidagilar bilan ta’minlanadi:
inson sha’nini va qadr-qimmatini kamsitmaydigan insoniy munosabatda bo‘lish;
qarindoshlar, tanishlar va do‘stlari bilan telefon orqali so‘zlashuvlar yo‘li bilan aloqa bog‘lash, boshqa aloqa vositalari va uchrashuvlar orqali muloqotda bo‘lish, jo‘natmalar, banderollar, buyumlar, xat va telegrammalarni olish va jo‘natish;
bepul ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, boshqa buyumlar va tasdiqlangan normalar bo‘yicha yumshoq anjomlar bilan;
ehtiyoj bo‘lganda bepul protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlanadilar.
- 3. Nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzi parvarishlash haftasiga besh marta (dushanba-juma kunlari) soat 9:00 dan 17:00 gacha amalga oshiriladi.
Vasiylikka olinganlarning kunduzgi parvarishlash guruhida bo‘lishi “Muruvvat” bolalar internat uyi direktori tomonidan tasdiqlanadigan ichki tartib-qoidalar bilan tartibga solinadi.
- 4. Vasiylikka olinganlar ota-onalari, vasiylar yoki homiylar Agentlik va uning hududiy bo‘linmalari mansabdor shaxslarining, “Muruvvat” bolalar internat uyi rahbarlari va xodimlarining qarorlari va xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan shikoyat bildirish huquqiga ega.
- 5. Tarbiyalanuvchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish “Muruvvat” bolalar internat uyining shtatdagi tibbiy xodimlari tomonidan, tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq tegishli sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan ta’minlanadi.
- Vasiylikka olinganning sog‘lig‘i yomonlashganda yoki u vafot etganda ma’muriyat bu haqda uning ota-onasini yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarni, vasiylarini, qarindoshlarini, ular bo‘lmaganda esa vasiylikka
olinganning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini zudlik bilan xabardor qiladi.
- Ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar vafot etgan taqdirda vasiylikka olinganlar fiziologik imkoniyatlariga va sog‘lig‘ining holatiga muvofiq, ularni dafn etishda qatnashish, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchilar og‘ir kasallanganda esa ularni borib ko‘rish huquqiga ega. Yo‘l xarajatlari “Muruvvat” bolalar internat uyi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
- 8. Vafot etgan vasiylikka olinganni dafn etish bilan bog‘liq xarajatlar “Muruvvat” bolalar internat uyining xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning, qarindoshlarining homiylik xayriyalari hisobiga amalga oshiriladi.
- 9. Vasiylikka olinganning “Muruvvat” bolalar internat uyi hududidan tashqariga chiqishi faqat direktorning ruxsati bilan, xodimlarning yoki ota-onaning yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning hamrohligida amalga oshiriladi.
Vasiylikka olingan o‘zboshimchalik bilan “Muruvvat” bolalar internat uyi tashqarisiga chiqqan taqdirda ma’muriyat zudlik bilan bu haqda uning ota-onasiga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylikka olinganning yashash va boradigan joyidagi ichki ishlar organlariga, Agentlikning hududiy boshqarmalariga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga xabar qiladi hamda birgalikda uni topish va qaytarib olib kelish chora-tadbirlarini ko‘radi.
- 10. Vasiylikka olinganlarning “Muruvvat” bolalar internat uyidan vaqtinchalik ketishiga, vrachning ketish mumkinligi to‘g‘risidagi xulosasini hisobga olgan holda, ko‘pi bilan 1 oy muddatga ruxsat berilishi mumkin. Buning uchun direktorning roziligi bilan, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, qarindoshlari yoxud boshqa shaxslarning yozma majburiyati mavjud bo‘lishi kerak.
- 11. Vasiylikka olinganlarni oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va ashyoviy ta’minotning boshqa buyumlari hamda yumshoq anjomlar bilan ta’minlash normalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Agentlik tomonidan belgilanadi.
Kunduzgi parvarishlash guruhidagi nogironligi bo‘lgan bolalar “Muruvvat” bolalar internat uyi uchun ovqatlanish normalariga muvofiq uch marta ovqatlantirish bilan ta’minlanadilar.
- 12. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar vasiylikka olinganlar bilan biror-bir cheklashlarsiz ko‘rishib turish, “Muruvvat” bolalar internat uyining tibbiy-ijtimoiy faoliyati, farzandlarining tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasining borishi bilan tanishish huquqiga ega.
- 33. Qashqadaryo viloyati Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi har chorakda “Muruvvat” bolalar internat uyining vasiylikka olinganlari va kunduzgi parvarishlash guruhidagi nogironligi bo‘lgan bolalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agentlik tomonidan belgilanadigan hisobot shakllariga muvofiq Agentlikka taqdim etadilar.
- 14. Vasiylikka olingan 18 yoshga to‘lganda Agentlik tomonidan belgilangan tartibda bo‘sh joy mavjud bo‘lgan kattalar “Muruvvat” internat uyiga o‘tkaziladi.
- Mehnat ko‘nikmalarini egallagan vasiylikka olinganlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironlikning III guruhini belgilash to‘g‘risidagi xulosasi asosida (mehnat tavsiyalari mavjud bo‘lgan taqdirda) ota-onasi (vasiylari) huzurida doimiy yashash uchun ro‘yxatdan chiqariladi, yetim bolalar va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar esa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joylar bilan ta’minlanadilar.
- 16. “Muruvvat” bolalar internat uyidan chiqarishda vasiylikka olinganlarga quyidagi hujjatlar beriladi:
“Muruvvat” bolalar internat uyida bo‘lganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
sog‘lig‘ining holati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (tibbiy hujjatlar);
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nogironligi bo‘lgan bolaga (bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalardan tashqari) ijtimoiy nafaqa to‘lash to‘g‘risidagi guvohnoma — mavjud bo‘lganda;
xalq ta’limi organlari huzuridagi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya xulosasi;
nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi.
“Muruvvat” bolalar internat uyining vasiylikka olinganlarini ro‘yxatdan chiqarishda (mavjud bo‘lsa) uning mol-mulkka, pul mablag‘lariga (ilgari u yoki uning ota-onasi egallagan) uy-joy maydoniga huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, pensiya va omonat daftarchasi hamda boshqa hujjatlar ham beriladi.
Bundan tashqari, vasiylikka olinganlarga 2 to‘plam ichki kiyimlar, kiyim-bosh va poyabzal beriladi.
- 17. “Muruvvat” bolalar internat uyi direktori vasiylikka olinganlarni “Muruvvat” bolalar internat uyiga qabul qilish va ulardan chiqarish uchun ushbu Nizom va “Muruvvat” bolalar internat uyi Ustavi talablariga muvofiq shaxsan javob beradi.